O‘zgidromet markazi O‘zbekiston bo‘ylab dam olish kunlari kutiladigan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi.

Juma kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo o‘zgarib turadi, hududning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, Kavkaz hududlaridan kuchsiz ifodalangan antitsiklon kirib kelishida faqat Qoraqalpog‘iston bo‘yicha ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi. Kunduzi havo harorati +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi.

Shanba 1 oktabr kuni esa antitsiklon respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Toshkent viloyatida kechasi va ertalab hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida biroz yomg‘ir yog‘adi, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi +10…+15 daraja bo‘ladi, kunduzi +21…+26 darajagacha pasayadi.

Yakshanba 2 oktabr kuni antitsiklon ta’siri davom etadi. O‘zbekiston bo‘yicha quruq va salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi termometr ustuni +8…+13 darajagacha pasayadi, kunduzi +21…+26 daraja atrofida bo‘ladi.

Ushbu kunlarda shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol 15−18 m/s gacha kuchayishi mumkin.