«Zamin» fondining «Buxoro viloyatidagi umumta’lim maktablarini suv ta’minoti, kanalizatsiya va gigiyena» loyihasi doirasida viloyatda toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan maktablar soni 16 taga yetdi, deb xabar berdi fond matbuot xizmati.

Loyiha besh tuman — G‘ijduvon, Peshkun, Shofirkon, Ramitan va Jondor maktablarini qamrab oldi.

Bir necha oy ichida ishchilar maktab hududida geologik xususiyatlarga qarab chuqurligi 120 metrdan 200 metrgacha bo‘lgan quduqlarni burg‘ulashdi. Ba’zida yer qulab tushdi va yangisini burg‘ulash kerak bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, ular ichimlik suvi standartlariga muvofiq filtrlash va suvni tuzsizlantirish tizimlarini o‘rnatdi. Shuningdek, maktablarga kanalizatsiya tizimi ham o‘rnatildi, hojatxona va dush xonalari qurildi.

«Gazeta.uz» to‘rt tumandagi maktablar bilan bog‘lanib, avvallari suv bilan bog‘liq qanday qiyinchiliklar bo‘lgani, hozir esa vaziyat qanday ekani bilan qiziqdi.

«Taxminan 20 yil davomida maktabdan qariyb 20 km uzoqlikda mashinada suv tashidik. Bu doim ham yetmas edi, chunki maktabda 920 o‘quvchi bor — hamma uchun etarli bo‘lmasdi. Bolalar uydan suv olib kelishardi, o‘qituvchilar sotib olishardi. Hozir esa suv yetarli, hech qanday muammo yo‘q, hammasi joyida» — deydi G‘ijduvon shahridagi 2-maktab direktori Dilobar Yarasheva.


Peshkun tumanida suv yo‘qligi sababli maktab oshxonasida ovqat ham pishirilmagan. Endi esa suv bor, oshxona ham ish boshladi.

«Maktabimizda 540 dan ortiq o‘quvchi bor, biroq suv yetishmasdi, uzoqdan mashinada olib kelinardi. Hozir bolalar, o‘qituvchilar xursand, suv bor, oshxona ham ochiq», — deydi 32-maktab direktori Erkin Xo‘jayev.

Toza ichimlik suvidan nafaqat maktablar, balki ular joylashgan aholi punktlari aholisi ham foydalanadi. Xususan, Shofirkon tumanida 3 mingdan ortiq aholi suv bilan ta’minlandi.

«Suvni doim avtomashinalarda olib kelib, sisternalarda saqlashgan. Nafaqat maktabda, balki tuman aholisi uchun ham muammo bo‘lgan. Hozir maktabdagi 310 nafar o‘quvchi va aholining barchasi ichimlik suvi bilan ta’minlandi», — deydi Shofirkon tumanidagi 30-maktab direktori Botir Sharipov.

Shuningdek, Jondor tumanidagi maktabda 700 nafar o‘quvchi tahsil oladi.

«10 km masofada tinimsiz mashinada suv tashilgan, bolalar suv yetishmasligidan shikoyat qilgan. Endi maktabimizning barcha o‘quvchilari suvni to‘yib-to‘yib ichishadi», — deydi Jondor shahridagi 21-maktab direktori Amal Ahmedov.

Maktablarda suv ta’minoti va tozalash tizimlaridan tashqari kanalizatsiya tizimiga filtrlar o‘rnatildi. Hojatxona va dushdagi suvlar filtrdan o‘tib, maktab yaqinidagi gullar va o‘simliklarni sug‘orish uchun yo‘naltiriladi.

Loyihaning keyingi bosqichida Buxoro viloyatidagi yana 15 ta maktabni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.