Shavkat Mirziyoyev respublikadagi pedagoglarni 1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Shaxsan men o‘qituvchi deganda — zamon bilan hamqadam bo‘lgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda — bilim va ma’rifat yog‘dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan tabarruk maskanni ko‘z oldimga keltiraman», — deya ta’kidlagan prezident.

O‘tgan o‘quv yilida yoshlarning xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 45 ta oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgani ta’lim sohasidagi islohotlar samarasiga yana bir dalil, dedi u.

Ta’kidlashicha, pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo‘yilgani, ta’lim muassasalarida qog‘ozbozlikka barham berilayotgani bugun o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda. Olis hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

«Yangi O‘zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib shakllanishi zarur. Bu ezgu maqsadga erishish uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni albatta mantiqiy yakuniga yetkazamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Belgilangan rejalarga ko‘ra, barcha hududlar, ayniqsa, qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

O‘qituvchi va domlalar, tarbiyachi va murabbiylar, ilm-fan sohasi xodimlari uchun munosib sharoit yaratish, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, moddiy ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tariladi.

Biz bundan buyon ham xalqimiz bilan maslahatlashgan holda, jamoatchilik fikrini atroflicha tahlil qilib, erishgan yutuqlarimizni mustahkamlash, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tuzatish yo‘lidan boramiz, dedi prezident.

Shuningdek, u Yangi O‘zbekistonning yangi Beruniylari, yangi Xorazmiylari, Ibn Sinolari va Farg‘oniylarini kamolga yetkazish, shu orqali O‘zbekistonni dunyo miqyosida rivojlangan, tinch, erkin va farovon mamlakatga aylantirish maqsad qilinganini aytdi. Buning uchun, buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash bo‘yicha qaror qabul qildik. Xorazmda shonli ajdodimiz Muhammad Xorazmiy nomida yangi shaharcha qurishga kirishdik, dedi u.