Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida tabiiy resurslardan noqonuniy foydalangan MCHJ aniqlandi, deya xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Departamentning Qo‘shrabot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «M.I.» MCHJ rahbari Sh.H. o‘zboshimchalik bilan o‘zi tomonidan sotib olingan transformatorni o‘rnatib, noqonuniy ravishda 63 dona mayner uskunalari va ikki dona suv nasoslaridan foydalanib kelgani aniqlandi.

Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga 1,1 mlrd so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185−2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.