O‘zbekiston 2022 yilda Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksida 113 ta mamlakat orasida 73-o‘rinni egalladi, deya xabar bermoqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati.

Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksi (GFSI) reytingi Economist Intelligence Unit tahlil agentligi tomonidan Corteva Agriscience ko‘magida har yili qaytadan tuziladi. GFSI — 2022 joriy yil 20 sentabrda nashr etilgan va indeksning o‘n birinchi nashri hisoblanadi.

Indeks oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari, ularning mavjudligi va xavfsizligi, shuningdek, dunyodagi 113 ta mamlakatning tabiiy resurslari va barqarorligiga oid masalalarni ko‘rib chiqadi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 2019−2022 yillar bo‘yicha umumiy reytingda O‘zbekiston o‘n ikki o‘ringa ko‘tarildi va 2022 yilda 113 ta mamlakat orasida 73-o‘rinni egalladi.

«Shu tariqa, O‘zbekiston 2019−2022 yillarda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlariga erishgan 10 mamlakat ichida birinchi o‘rinni egalladi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston «Iqtisodiy foydalana olish imkoniyati» kategoriyasi bo‘yicha 18 o‘ringa, «Sifat va xavfsizlik» kategoriyasi bo‘yicha 3 o‘ringa, «Barqarorlik va moslashish» kategoriyasi bo‘yicha 36 o‘ringa ko‘tarildi.

Xabarga ko‘ra, kelgusida O‘zbekistonning reytingdagi o‘rnini yaxshilash uchun ichki bozorda oziq-ovqat taklifini oshirish, import ta’minotini diversifikatsiya qilishni ta’minlash, sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha milliy tavsiyalarni ishlab chiqish, oziq-ovqat mahsulotlarini markirovka qilishni joriy etish va boshqa ishlarni amalga oshirish jadallashtiriladi.