27 sentabr kuni hukumat «Yashil bog‘lar» nizomini tasdiqlab, [529-sonli] qaror qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, «Yashil bog‘lar»ni barpo etish bo‘yicha hokimliklarga tashabbus bilan ️davlat organlari va tashkilotlari, ️fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari️ ya’ni mahallalar va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlari chiqishi mumkin. Kiritilgan takliflar hokimliklar tomonidan 15 ish kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Ma’qullangan takliflar asosida «Yashil bog‘lar»ni barpo etish va loyihalash bo‘yicha har yili 10 fevralgacha «O‘rmonloyiha» loyihalash instituti bilan shartnomalar tuziladi.

Loyihalar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan har yili 15 maygacha tegishli qaror qabul qilish uchun xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritiladi.

Xalq deputatlari mahalliy kengashlari buni ma’qullasa, «Yashil hudud» davlat unitar korxonasi bilan kelgusi yilning 20 yanvariga qadar shartnomalar tuziladi. «Yashil bog‘lar»ga har yili bahor va kuzda ko‘chat ekiladi.