AQSh davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi, Davlat departamentining Xalqaro jamoatchilik bilan aloqalar byurosi rahbari Elizabet Tryudo 3−6 oktabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deya xabar berdi TIVning «Dunyo» axborot agentligi.

Elizabet Tryudo rasmiylar bilan muzokaralar o‘tkazish, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashish va Toshkentdagi Vebster universitetida jurnalistlar uchun ingliz tili kursi bitiruvchilari bilan suhbatlashishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, u Jizzax viloyatiga ham tashrif buyurib, ayollar reabilitatsiya markazi faoliyati bilan tanishadi, deb xabar qildi AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati.

Shuningdek, u O‘zbekistondan tashqari Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari va Qirg‘izistonga ham tashrif buyuradi. Davlat departamenti hisobotida qayd etilishicha, ushbu mamlakatlardagi muhokamalarining ustuvor yo‘nalishlari Rossiya va Xitoydan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurash, AQShning Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashi, ijtimoiy tenglik, ommaviy axborot vositalari erkinligi va iqlim muammolari bo‘ladi.

Safar arafasida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Elizabet Tryudo bilan O‘zbekiston-Amerika hamkorligining dolzarb masalalari, jumladan, milliy kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.