28 sentabr kuni Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Almazbek Beyshenaliyev yirik miqdorda pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi, deb xabar berdi «24.kg» agentligi Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

«Xorijlik talabalarni Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun 110 ming dollar pora olish fakti tergov qilinmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, barcha to‘liq ma’lumotlar taqdim etiladi», — deya qayd etiladi Qirg‘iziston IIV xabarida.

Shuningdek, ichki ishlar vazirligi Almazbek Beyshenaliyevning hibsga olingani aks etgan videoni ham e’lon qildi. Kadrlarda konvert mansabdor shaxsga qanday topshirilayotgani ko‘rsatilgan. Boshqa kadrlarda uning mashinaga o‘tirayotgani va militsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingani ko‘rsatilgan.

«Hamma joyda kameralar bor, shunday emasmi? O‘ta hurmatsizlik, lekin rahmat», — deydi vazir.

Prezident matbuot kotibi Erbol Sultonboyev o‘zining Facebook’dagi sahifasida Ta’lim va fan vazirining hibsga olinishiga izoh berdi.

«Prezident Japarovga ta’lim va fan vaziri Almazbek Beyshenaliyevning hibsga olingani haqida ma’lumot berildi. Bu ish bo‘yicha har tomonlama tergov o‘tkazilishi ta’minlanadi», — deb yozgan u.