28 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati kengashi majlisida reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish masalasi muhokama qilindi, deya xabar qilmoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Majlisda 2021 yilda go‘daklar o‘limi 7214 tani tashkil etgani, 2020 yilga nisbatan 160 taga oshgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, hududlarda 2018−2022 yillarda bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash davlat dasturi ijrosi bo‘yicha qator kamchiliklar mavjud ekani qayd etildi.

Shuningdek, homilador, tug‘uvchi, tuqqan ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida respublikadagi tug‘ruqqa yordam beruvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlash va zarur dori vositalari bilan ta’minlash masalasi to‘liq bajarilmagan.


«Albatta, faqat tanqid qilish emas, sohadagi muammolar salbiy oqibatlarini ular kelib chiqqanidan avval bartaraf etish yuzasidan yechimlar berish zarur. Reproduktiv salomatlik darajasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil — yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh borasida fuqarolarimizga taqiqlar qo‘yish bilan hech narsaga erishmaymiz, aksincha, insonlarning shaxsiy hayot erkinligi doirasiga daxl qilib qo‘yamiz. Shu sababli yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari borasida aholimiz o‘rtasida tushuntirish, tashviqot ishlarini kuchaytirish zarur», — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Majlis yakunida Kengashining Onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni saqlash uchun profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.


Ishchi guruh bir oy muddatda mazkur yo‘nalishda hududlardagi haqiqiy holat bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazib, 1 noyabrga qadar Senat Kengashiga aniq taklif kiritishi belgilandi.