Chirchiq daryosida baliqlarning ommaviy nobud bo‘lgani aytilgan video e’lon qilindi. Ushbu voqea yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida holat Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Qo‘sh yog‘och MFYda joylashgan «Azizjon Nurli Agro Fayz» MCHJga tegishli bo‘lgan baliqlar saqlanadigan hovuzda sodir bo‘lgani aniqlandi.

24 sentabr kuni baliqchilik xo‘jaligida yetishtirilgan baliqlarni ovlash davrida hovuz suvi kamaygani, baliqlar uzoq muddat to‘rda qolib ketgani, havo haroratining ko‘tarilishi oqibatida suvning me’yoridan ortiq darajada iligani, hovuzdagi suv tarkibida kislorod kamaygani sababli baliqlar nobud bo‘la boshlagan. Shundan so‘ng chala o‘lik baliqlar hovuzga 10 metr masofa uzoqlikda bo‘lgan Chirchiq daryosiga oqizilgan.

Ishchi guruh tomonidan mobil laboratoriya jalb qilinib, Chirchiq daryosi va baliqchilik xo‘jaligidagi suv havzalaridan namunalar olindi.Tahlil natijalarida suvning kimyoviy moddalar yoki boshqa ta’sirlar natijasida ifloslanmagani aniqlandi.

Baliqchilik hovuzida baliq boqish va nobud bo‘lgan baliqlarni belgilangan tartibda yo‘q qilish bo‘yicha alohida tekshirish o‘tkazilib, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishi belgilandi.

Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.