2022 yilgi davlat dasturining 1 sentabr holatiga bajarilishi bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan, ochiq manbalar orqali e’lon qilingan axborot hamda ma’lumotlar tahlil qilindi, deya xabar bermoqda «Yuksalish» umummiliy harakati matbuot xizmati.

Davlat dasturida belgilangan 186 ta vazifa ijrosi ta’minlangan bo‘lib, shundan 15 ta vazifa ijrosi muddatidan oldin bajarilgan. Biroq 7 ta band bo‘yicha ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan qonun va qonunosti normativ hujjatlar loyihalari o‘z muddatida lozim darajada ishlab chiqilmagan, amaliy choralar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan:

  • mahalla orqali rasmiylashtiriladigan va olinadigan barcha turdagi ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamni tayinlash bo‘yicha hujjatlarni onlayn (elektron) tarzda taqdim etish tizimini joriy etish;
  • davlat organlarida ish vaqti va mehnat me’yorlari bo‘yicha qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish va Xalqaro mehnat tashkiloti standartlari asosida takomillashtirish bo‘yicha normativ huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
  • Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida raqamli texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan alohida zamonaviy talablarga javob beradigan axborot texnologiyalari sohasida ta’limdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yaxlit zanjir yaratishni ko‘zda tutuvchi IT-klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • Toshkent shahrining har bir tumanida «Innovatsiya va texnologiya markazlari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • investitsiya loyihalari doirasida 27 ta nasos stansiyasini modernizatsiya, 263 km kanal va 787 ta gidrotexnik inshootini rekonstruksiya qilish, xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan 181 ta nasos va 354 ta elektro dvigatelni almashtirish;
  • tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda yo‘l o‘tkazgichlar qurish konsepsiyasini Vazirlar Mahkamasi qarori orqali tasdiqlash;
  • «O'zbekiston», «Zvezda Vostoka» va «Amudaryo» jurnallari, «Yerkin Qaraqalpaqstan», «Nurlы jol», «Ovozi tojik», «Mekan» va «Dostuk» gazetalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilish.

Shuningdek, dasturning 150-bandida belgilangan vazifalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan 14 ta hudud kesimida besh yillik hududiy dasturlar tasdiqlangan. Mazkur hududiy dasturlar tahlil qilinganda bir qator vazifalar belgilangan muddatlarda bajarilmagani aniqlandi:

  • Qoraqalpog‘istonda — 3 ta
  • Andijonda — 5 ta
  • Buxoroda — 10 ta
  • Jizzaxda — 17 ta
  • Qashqadaryoda — 8 ta
  • Navoiyda — 4 ta
  • Namanganda — 6 ta
  • Samarqandda — 2ta
  • Sirdaryoda — 6 ta
  • Surxondaryoda — 5 ta
  • Toshkent viloyatida — 5 ta
  • Farg‘onada — 4 ta
  • Xorazmda — 5 ta