Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati, Denov tumani, «Dahana» mahallasida joylashgan 57-maktabning 3-sinf o‘quvchisi qotillik qurboni bo‘lgani mazmunida xabarlar tarqaldi.

Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, Denov tumani «Buyuk ipak yo‘li» mahallasida yashovchi M.Q. (ayol) 2022 yil 27 sentabr kuni soat 17−25larda o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, 2013 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Z.Q.ni Sariosiyo tumaniga olib borgan.

«Keyin uyiga qaytib kelgan vaqtida voyaga yetmagan Z.Q.ning sog‘ligi yomonlashganini ko‘rib, bila turib, uni hayoti xavf ostida qolganligi va o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lganligini anglagan holda unga yordam ko‘rsatmasdan, shu mahallada joylashgan Denov tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 15-maktabning hovlisiga olib borib tashlab ketganligi oqibatida voyaga yetmagan Z.Q. maktab hovlisida vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 28 sentabr kuni Denov tumani prokuraturasi tomonidan M.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (xavf ostida qoldirish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tuman IIB TB tomonidan olib borilmoqda.

Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olindi.