Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahar «Soybo‘yi» mahallasidagi 7,5 gektar RK-2 markaziy qozonxonasiga Rossiya kompaniyasi yordamida yuqori samarali kogeneratsion gaz turbina qurilmalari texnologiyalari o‘rnatiladi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Madaminov qozonhonaga davlat-xususiy sherikchilik asosida xorijiy investitsiya kiritish bo‘yicha Rossiyaning «BETWEEN TWO RIVERS» kompaniyasi vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda boshqarma boshlig‘i rekonstruksiya, modernizatsiya, ekspluatatsiya qilish va boshqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq-chora tadbirlar belgilanganligini aytdi.

Mazkur loyihaga birinchi yilda 20 mln dollar, keyingi bosqichlarda esa 25 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilgan. Natijada, korxonada 200 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilib, 131 ta ko‘p qavatli uy (5 010 ta xonadon), 20 ta ijtimoiy soha obyekti issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.

Boshqarma Quvasoy shahri uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu loyihani qisqa muddatda hamkorlikda ko‘rib chiqish hamda uni amalga oshirish bo‘yicha har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini ma’lum qildi, deyiladi xabarda.