Dog‘iston Respublikasi poytaxti Maxachqal’ada safarbarlikka qarshi namoyishda 101 kishi hibsga olindi, deya xabar bermoqda «Kavkazskiy uzel» nashri huquq himoyachilariga tayanib.

Yakshanba kungi mitingda 300 ga yaqin odam, asosan ayollar ishtirok etdi, deb yozadi Dog‘istonning «Chernovik» nashri.

«Avvaliga odamlar qo‘g‘irchoq teatri binosi oldida jim turishardi. Politsiya yetib kelib, yig‘ilish maqsadini so‘rab bilib bo‘lgach, tarqalishni so‘raganida, odamlar urushga qarshi shiorlar aytib, o‘z pozitsiyalarini balandroq bildira boshlashgan. «Biz o‘g‘illarimizni urushga jo‘natmoqchi emasmiz. Nega siz urushga bormaysiz, lekin bu yerda o‘z xalqingiz bilan jang qilyapsiz…» — deya miting ishtirokchilari politsiyaga murojaat qildi.

Foto: «Chernovik»

Mitingda qattiqqo‘llik bilan hibsga olindi, deya ta’kidlaydi nashr. «Politsiya xodimlari ba’zi ayollarga nisbatan kuch ishlatishdi: turtishdi, sudrashdi, urishdi. Hibsga olishlar juda qattiqqo‘llik bilan amalga oshirildi. Yoshlarni avvaliga kaltaklashdi, tepkilashdi», — deyiladi xabarda. Huquq-tartibot idoralari xodimlari kechqurunga borib namoyishchilarni tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘ldi.

Shu kuni Dog‘istonning Xasavyurt tumanidagi Endirey qishlog‘ida ham norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. «Kavkazskiy uzel»ga ko‘ra, unga bir necha o‘nlab odamlar kelgan.

Ertasi kuni, 26 sentabr kuni namoyishlar davom etdi, oldingi kunga qaraganda ko‘proq yoshlar ishtirok etdi, deya qayd etdi «Chernovik», «Novoye delo» mahalliy Telegam kanali esa Maxachqal’a va Xasavyurtda zo‘ravonlik bilan hibsga olingan holatlar aks etgan videolarni e’lon qildi.

O‘tgan yakshanba kuni Yakutskda ham safarbarlikka qarshi miting bo‘lib o‘tdi. Tadbir osuoxay yakutlar xalq marosimi ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi.

«Ruxsatsiz o‘tkazilgan aksiyada asosan ayollar qatnashdi. Ko‘pchilik oilasi, buvisi va qizlari bilan keldi. Bir guruh qizlar osuoxayni boshlashdi, ularni yoshi katta ayollar qo‘llab-quvvatlashdi. Ko‘pchilik dastlab qo‘shilishga jur’at eta olmadi, faqat tomosha qildi, keyin umumiy davraga qo‘shildi», — deb yozadi SakhaLife.

Foto: SakhaDay

Ayollar safarbarlikka qarshi chiqdi, «Urushga yo‘q», «Safarbarlik yo‘q» shiorlari yangradi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, aksiyada 400 ga yaqin odam qatnashgan.

Avvaliga politsiya ayollarga aralashmagan, keyin esa ular qonunni buzganliklarini va vokzalga borishga majbur bo‘lganliklarini aytishgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining xatti-harakatlari aks etgan videoni e’lon qilgan mahalliy SakhaDay nashri: «Hibslar haqiqatdan ham og‘ir edi», deb yozadi. Jami 24 nafar ayol hibsga olingan.