O‘zbekiston tomoni Daniya hukumatining O‘zbekistonda faxriy konsullik ochish to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qabul qiladi. Bu haqda Vladimir Norov 22 sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Daniya tashqi ishlar vaziri Yeppe Sebastyan Kofod bilan muzokaralar chog‘ida ma’lum qildi.

Vazirlar muloqot davomida o‘zaro tashriflar va amaliy tadbirlar tashkil etish orqali siyosiy muloqotni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, savdo va investitsiya aloqalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tomonlar manfaatdor idoralarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish masalalarini o‘rganishga kelishib oldi.

Tomonlar Daniyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlarida o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar uchun treninglar va amaliyotlarni tashkil etish ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga yordam berishini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Daniya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risida protokol imzolash taklif qilindi.

Ma’ulmot uchun, Daniyada xorijiy 67 ta elchixona va 16 ta bosh konsullik mavjud. Markaziy Osiyo davlatlarida diplomatik vakolatxonalar yo‘q, Moskvadagi elchixona Daniyaning mintaqa davlatlari bilan aloqalari uchun javobgar hisoblanadi.