Bosh vazir o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Tokio shahrida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiro Tanaka bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov ham qatnashgan uchrashuvda turizm va madaniy meros sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonning turistik darvozasi hisoblangan Samarqandda sayyohlik sohasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. Akixiro Tanaka, o‘z navbatida, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar fonida turizm, madaniy meros va ta’lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga qiziqish bildirdi.

Jumladan, tomonlar «Buyuk Ipak yo‘li» madaniy merosini asrash va uning raqamli arxivini yaratish, muzeylardagi eksponatlarni raqamlashtirish va u yerda faoliyat yurituvchi xodimlar malakasini oshirish, tarixiy obyektlar restavratsiya va konservatsiyasini o‘tkazish, uzoq tog‘li va cho‘l hududlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va bunda yaponiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonda ishlashga jalb qilish kabi masalalarni muhokama qilishdi.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida charter dasturni amalga oshirish orqali Yaponiyadan O‘zbekistonga sayohat qiluvchi turistik oqimni oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar YUNESKO ko‘magida O‘zbekistondagi tarixiy obidalarni restavratsiya va konservatsiya qilish, uzoq hududlarda turistik infratuzilmani takomillashtirish hamda umrining katta qismini arxeologik va madaniy merosni tadqiq qilishga bag‘ishlagan marhum Kato Kyudzu xotirasiga Surxondaryo viloyatida memorial kompleks yaratishga doir loyihalarni amalga oshirish masalalarini birgalikda ishlab chiqishga kelishishdi.