Navoiyda fuqarodan pora olgan ikki advokat ushlandi va ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda DXX matbuot ximati.

Navoiy shahridagi advokatlar hay’ati advokati H.Q. fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan qo‘zg‘atilib, tergov qilinayotgan jinoyat ishini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qiladi.

Advokat so‘ralgan pul mablag‘idan 7500 AQSh dollarini olgan vaqtida DXXning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQK departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida H.Q. 7500 AQSh dollaridan 1500 AQSh dollarini o‘zining ulushi sifatida olib, qolgan qismini hamkasbi — Navoiy shahridagi advokatlik firmasi advokati F.N.ga berishi kerakligi ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, F.N. 6 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan H.Q. va F.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.