Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi «Zevarda» konida «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi burg‘ilash, gaz qazib chiqarish va qayta ishlash korxonalarining korxonalarining 2023 yil uchun ehtiyojlari ochiq taqdimoti o‘tkazildi, deya xabar qilmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Taqdimot ochilishida videokonferensaloqa orqali ishtirok etgan kompaniya boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning ta’kidlashicha, olib borilgan ishlar natijasida so‘nggi 3 yilda tarmoq mahalliylashtirish dasturi doirasida 7,8 trln so‘mlik 57 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Jamiyatning umumiy xaridlari hajmida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushi 2018 yildagi 17 foizdan 2021 yilda 28 foizgacha ortdi.


Shu bilan bir qatorda importni qisqartirish, ichki bozor imkoniyatlaridan kengroq foydalanish natijasida import hajmi 2018 yildagi 865 mln AQSh dollaridan 2021 yilda 486 mln dollarigacha yoki 1,8 baravargacha qisqartirildi.

«Samarali kooperatsiya hamkorligi natijasida bugungi kunga kelib respublikamizda neftgaz korxonalari uchun mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan 50 dan ortiq salohiyatli mahalliy ishlab chiqaruvchilar shakllangandi», — deya ta’kidladi kompaniya boshqaruvi raisi.


O‘tgan yillarda tizim korxonalari tomonidan elektron kooperatsiya portalida umumiy qiymati 1,37 trln so‘mlik 5 mingga yaqin shartnomalar tuzildi. Jami shartnomalar miqdorida «O‘zbekneftgaz» ulushi 14 foizni tashkil etib, respublika korxonalari orasida 2-o‘rinda qayd etildi.

«Tadbirkorlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan „mahsulotbay“ rejimida sanoat kooperatsiya hamkorligini kengaytirish maqsadida joriy yildan boshlab tadbirkorlar bilan bevosita sanoat korxonasining o‘zida muloqotlar tashkil qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi», — deya ma’lum qildi Mehriddin Abdullayev. — Ushbu tadbirlarda erishilgan kelishuvlar doirasida umumiy qiymati 82,3 mlrd so‘mlik shartnomalar elektron kooperatsion portali orqali imzolanib 7,6 mln dollarlik import qisqartirilishiga erishildi".


Kompaniya xarid portfeliga ko‘ra, 2023 yilda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi xo‘jalik faoliyati uchun umumiy ehtiyojlar 3,6 trnl so‘mni tashkil etadi, shundan 2,1 trln so‘m yoki 58,1 foizi mahsulotlar, butlovchi buyum va materiallar bo‘lsa, 1,5 trln so‘mi yoki 41,9 foizi xizmatlardan iborat.

Qayd etilishicha, mahsulotlarning 63,2 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar import orqali ta’minlash rejalashtirilayotgan bo‘lsa, xizmatlarda bu ko‘rsatkich 56 foizni tashkil etadi.

Mazkur taqdimotda Rossiya, Ozarbayjon, Xitoy, Ummon kabi davlatlarning neft-gaz sohasidagi yirik kompaniyalar rahbar va yetakchilari ham ishtirok etdi. Shuningdek, xorijiy va mahalliy kompaniyalarining mahalliylashtirish doirasidagi investitsiya loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.

Taqdimot doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va neft-gaz sohasi korxonalari vakillari o‘rtasida yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazish imkoniyati ham yaratildi.