19 sentabr kuni prezident raisligida O‘zbekistonning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Prezident unda bu yili turizm uchun pandemiyadan keyin qayta tiklanish davri boshlanganini ta’kidladi, deya uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

2022 yil sentabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonga kelgan xorijiy turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 baravarga ko‘paydi va 3,1 million nafarni tashkil etdi. Yil boshidan turizm eksporti hajmi 926 mln dollar bo‘ldi (2019 yil davomida 951 mln dollar bo‘lgan). Kelgan mehmonlarning sayohati o‘rtacha 4−5 kungacha, sarflagan mablag‘i 305 dollargacha ko‘paydi (bu 2019 yilda o‘rtacha 3 kunni tashkil etib, ular 195 dollar sarflagan). Ichki sayohat qiluvchilar soni ham o‘tgan yilga nisbatan 3,5 baravarga o‘sib, 7,5 mln nafarni tashkil qildi.

Buni tushungan viloyat, tuman va shahar hokimlari tadbirkorlar bilan ishlab, sayyohlar keladigan joylarni ko‘paytirayapti, deya ta’kidlagan prezident.

Keltirilishicha, yil boshidan Samarqand — 900 ming, Farg‘ona — 850 ming, Andijon — 650 ming ichki sayyohlarni qabul qilib, bu borada peshqadam bo‘ldi.

Lekin, ayrim viloyat, tuman va shaharlar natijalari yaxshi emas. Sirdaryoga — 151 ming, Navoiyga — 262 ming, Jizzaxga — 275 ming ichki sayyoh tashrif buyurib, bu ularning salohiyatidan ancha kam bo‘ldi.

Chetdan kelgan turistlar uchun ko‘rsatilgan xizmatlar Qashqadaryoda juda past bo‘lib, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Kasbi tumanlarida turizm xizmatlari umuman ko‘rsatilmagan.

Shu bilan birga, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan va Surxondaryoda ham xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishdan tushumlar qolgan hududlardan ancha orqada. Ayniqsa, Sherobod, Oltinsoy, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Arnasoy, Karmana, Urgut, Guliston, Yangiyo‘l, Xiva tumanlarida turizm xizmatlari umuman ko‘rsatilmagan.

Shu sababli ishlarni yetarli darajada tashkil etmagani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovga hayfsan berildi.

Shuningdek, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Kasbi, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Arnasoy, Karmana, Urgut, Sherobod, Oltinsoy, Guliston, Yangiyo‘l, Xiva tumanlari hokimlari bugun ishdan olinib, o‘zgarish qilish uchun ularga uch oy sinov muddati beriladi, deyiladi xabarda.