Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi majlisida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish borasida gapirdi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on xalqi yaxshi qo‘shnichilik yordamiga har qachongidan ham ko‘proq muhtojdir. O‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik va Afg‘onistonni uning muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik lozim.

«Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afg‘onistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun platsdarmga aylantiradi. Shu bois biz Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi bo‘yicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz», — dedi prezident.

Shuningdek, Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni mazkur mamlakatga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida — u yerdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda, birgalikda ta’sis etishni taklif qildi.

«Fond mablag‘lari ushbu mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta’lim dasturlari va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.