Qirg‘iz-tojik chegarasida vaziyat yana keskinlashib, chegara bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlar bo‘lgani, bunda og‘ir harbiy qurollardan foydalanilgani aytilgandi. Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari chegaradagi vaziyat yuzasidan yuzma-yuz muzokara o‘tkazdi, deya xabar bermoqda Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammiti matbuot xizmati.

Ikki davlat rahbarlari tegishli tuzilmalarga o‘t ochishni to‘xtatish, qo‘shin va vositalarni to‘qnashuv chizig‘idan olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga kelishib oldi. Shuningdek, ikki davlat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbarlari joyida ish olib boradi, hodisaning holatlari va sabablarini o‘rganish uchun komissiya tuziladi.


«Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlararo komissiyasi ishini jadallashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 16 sentabrga o‘tar kechasi Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida vaziyat yana keskinlashgandi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston tomoni «ilgari erishilgan barcha kelishuvlarni buzgan holda» Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Leylek tumanlaridagi qirg‘iz-tojik chegarasining butun perimetri bo‘ylab chegara va fuqarolik obyektlariga qurolli uchlar hamda og‘ir harbiy texnikalardan foydalangan holda hujum uyushtirganini ma’lum qilgandi.

Tojikiston chegara qo‘shinlari, o‘z navbatida, 16 sentabr kuni ertalab soat 4:00 larda Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Ko‘ktosh posti chegarachilari «kelishuvni buzgan holda» Dushanbe chegara postiga o‘q uzgani haqida xabar tarqatgandi. Tojikiston og‘ir qurollardan foydalanilganini qayd etgandi.