SHHT Samarqand sammiti doirasida 14 sentabr kuni Transport vazirligi, Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vazirligi, Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi o‘rtasida «O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy» temir yo‘li qurilishi (Qirg‘iziston hududida) loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Mazkur hujjat bilan Qirg‘iziston hududidagi temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha barcha ishlarni 2023 yilning birinchi yarim yilligida yakunlash belgilangan. Shuningdek, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishda tomonlarning ishtiroki, moliyalashtirish va xarajatlarni taqsimlashiga aniqlik kiritilgan.

«Loyiha Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va Janubiy yo‘llar bilan Fors ko‘rfazi davlatlariga tashuvlarni hamda savdo geografiyasini kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir», — deyiladi xabarda.

Mazkur temir yo‘l qurilishi loyihasi qariyb 20 yil davomida muhokama qilingan. Bir nechta marshrut variantlari ko‘rib chiqilgan.