Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining to‘laqonli a’zosi maqomini olish uchun Eronning majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, deb xabar qildi Eron axborot agentligi.

Hujjatni Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va tashkilot bosh kotibi Chjan Ming imzoladi.

Memorandumda nazarda tutilgan barcha majburiyatlarni bajargandan so‘ng, Eron SHHTning to‘liq a’zosiga aylanadi.

Eron TIV rahbarining ta’kidlashicha, yaqinda Eronning SHHTga kirish jarayoni yakunlanishi bilan bog‘liq barcha hujjatlar mamlakat Vazirlar Mahkamasi tomonidan ma’qullanib, ko‘rib chiqish uchun Majlisga yuborilgan.

“Bundan buyon biz turli iqtisodiy, savdo, tranzit va energetika sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ydik”, — deya ta’kidladi Abdullohiyon.

SHHT Bosh kotibi bugungi kunni ham Eron, ham tashkilot uchun muhim kun deb atadi. “Eronning mintaqadagi qudratli va barqaror davlat sifatidagi mavqei SHHT uchun muhim. Eronning ishtirokchi davlatlar guruhiga kirishi Shanxay hamkorlik tashkilotini mustahkamlaydi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2005 yilda Eron SHHTda kuzatuvchi maqomidagi davlatga aylangandi. Mamlakatning tashkilotga to‘laqonli a’zoligiga kirish jarayoni 2021 yilda boshlangan.