Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida COVID-19 pandemiyasining tugashi yaqin, dunyo uni yengish uchun hech qachon bunday yaxshi holatda bo‘lmaganini aytdi. Bu xaqda «RIA Novosti» nashri xabar bermoqda.

«O‘tgan haftada COVID-19 tufayli haftalik o‘limlar soni 2020 yil martidan beri eng past ko‘rsatkich qayd etildi. Biz pandemiyaga barham berish uchun eng yaxshi holatdamiz. Biz hali maqsadga erishganimiz yo‘q, lekin oxiri yaqin», — deya ishontirdi u.

U barcha mamlakatlarni 70% emlash bilan qamrab olish yo‘lidagi ustuvor vazifa — kasallikka chalinishi ehtimoli yuqori bo‘lgan guruhlarni, shu jumladan, tibbiyot xodimlari va qariyalarni to‘liq emlash uchun sarmoya kiritishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda dunyo bo‘ylab jami 600 mlndan ziyod aholi virusga chalingani qayd etilgan, 6,5 mlni esa vafot etgan.