Samarqanddagi «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazining Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu xaqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari qo‘shma bayonot imzoladilar. Unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan, har tomonlama strategik sheriklikning bugungi holati va uni mustahkamlash istiqbollari aks etgan.

«Bugun biz strategik hamkorligimizni yanada rivojlantirishni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma bayonotni imzoladik, — dedi Shavkat Mirziyoyev muzokaralar yakunida.

Si Szinpin, o‘z navbatida: «Biz yangi davrda keng qamrovli rivojlanishni chuqurlashtirishga kelishib oldik», dedi.

«Xitoy tomoni xitoy-o‘zbek do‘stligining yangi sahifasini yozishga tayyor, — deya qo‘shimcha qildi XXR rahbari.

Oliy darajadagi tashrif doirasida 15 ta hujjat imzolandi. Jumladan:

  • «Yashil» taraqqiyot sohasidagi investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Raqamli iqtisodiyot sohasidagi investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida memorandum;
  • Foydali qazilmalarni o‘zlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Qurilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • 2022−2025 yillarda madaniy almashinuv dasturi;
  • Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Toshkent viloyati va Chunsin megapolisi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Buxoro viloyati va Yunnan provinsiyasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Buxoro va Kunmin shaharlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka doir umumiy qiymati 15 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi.