O‘zbekistonda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 506,8 mln dollardan ortiq 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Samarqandda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi doirasida ko‘plab sohalarda ilmiy-texnik hamkorlik borasida aniq rejalar belgilanib, ularning amalga oshirilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Xitoy raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga tashrifi doirasida «O‘zbektelekom» AK mamlakatdagi mavjud infratuzilmani modernizatsiyalash va hamkorlar bilan aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha bir qator ishlar olib bormoqda.

«Jumladan, „Huawei International PTE., Ltd.“ va „TE Corporation“ kompaniyalari Xitoy va O‘zbekiston xalqlarining farovonligi yo‘lida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida, respublikada telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 506,8 mln dollardan ortiq 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi», — deyiladi xabarda.

Loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «Huawei International PTE., Ltd.» va «ZTE Corporation» korporatsiyalari hamda «O‘zbektelekom» AK o‘rtasida jami 8 ta shartnoma imzolandi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish doirasida ikki bosqichda respublikaning g‘arbiy va sharqiy hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlari va raqamlashtirishga qaratilgan infratuzilma rivojlantiriladi, ya’ni, 1-bosqichda:

  • 2 255 ta 3G/4G standartli baza stansiyalarni o‘rnatish;
  • 3 216 ta 3G/4G standartli baza stansiyalarini kengaytirish va modernizatsiya qilish;
  • 388 ta 5G standartli yangi baza stansiyalarini o‘rtanish;
  • 337 408 ta protli keng polosali kurilmalariga kengaytirish;
  • 1 050 ta oraliqda radiorele qurilmalarini o‘rnatish;
  • 42 ta gibrid elektrostansiyalarini va 292 ta dizel generatorlarini o‘rnatish;
  • DWDM va IP/MPLS qurilmalarini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish ishlari amalga oshiriladi.

2-bosqichda esa:

  • 795 ta 3G/4G standartli baza stansiyalarini o‘rnatish;
  • 1 495 ta 3G/4G standartli baza stansiyalarini kengaytirish va modernizatsiya qilish;
  • 325 ta 5G standartli yangi baza stansiyalarini o‘rnatish;
  • DWDM va IP/MPLS qurilmalarini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish ishlari amalga oshiriladi.

Vazirlikka ko‘ra, loyihalar natijasida aholining telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari va qamrovi yanada kengaytiriladi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshiriladi.

Xalqaro ahamiyatga ega magistral avtomobil yo‘llari va respublika bo‘ylab temir yo‘llarida yuqori tezlikdagi mobil internet bilan to‘liq qamrab olishga hamda Toshkent shahrida va barcha viloyatlar markazlarida beshinchi avlod 5G standartidagi tayanch baza stansiyalari o‘rnatishga, ma’lumotlarni uzatish va magistral transport tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirishga erishiladi.