Qirg‘izistonlik taniqli jurnalist Alisher Soipovning o‘ldirilishi bo‘yicha jinoyat ishi yana to‘xtatildi. Bu haqda uning ukasi, jurnalist Shohrux Soipov «Gazeta.uz» bilan suhbatda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, akasi 2007 yilning 24 oktabrida O‘shning Masaliyev ko‘chasida yaqin masofadan otib ketilgan. Noma’lum odam Alisher Soipovning ikki marta boshiga va bir marta o‘ng oyog‘iga to‘pponchadan o‘q uzgan. O‘shanda u 26 yoshda bo‘lib, ortida rafiqasi va uch oylik qizi qolgan.

Qayd etilishicha, 2010 yili Alisher Soipovning o‘limida gumondor sifatida fuqaro A.R. qo‘lga olingan. Uning mashinasidan jurnalist otilgan to‘pponcha topilgan va A.R. 20 yilga qamalgan. Biroq oradan ikki yil o‘tib, fuqaro Oliy sud tomonidan ozod qilingan. Gumonlanuvchining yaqinlari sudga jinoyat sodir etilgan kuni u qarindoshlari bilan birga to‘yda bo‘lganini isbotlovchi videokasseta taqdim etgan. Jinoyat ishi 2012 yili qayta ochilib, 2013 yil dekabrda to‘xtatilgan.

2019 yilning avgust oyida Qirg‘izistonning o‘sha vaqtda qabul qilingan yangi tahrirdagi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi qayta ochiladi. Lekin uch yil o‘tgach, ya’ni 2022 yilning avgustida mazkur ish yana yopiladi. «Akamning o‘ldirilishi bo‘yicha jinoyat ishi to‘xtatilgani haqida shu yilning avgust oyi o‘rtalarida tergovchidan eshitdim. Tergov qachon bekor qilingani noma’lum», — dedi Shohrux Soipov.

Uning aytishicha, 2019 yili jinoyat ishi qayta ochilganidan buyon tergovchi tomonidan shu kungacha birorta ham tergov ishlari olib borilmagan.

«Biz, Soipovlar oilasi tergov doirasida suhbatga taklif qilinmadik. Qotillikning yagona guvohi — Alisher akam otilganda uning yonida bo‘lgan Iqbol Mirsaidov ham so‘roq qilinmadi, biz bilan uchrashtirilmadi. U qotillikka aloqador yagona shaxs hisoblanib, voqea sodir etilgan vaqtda Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar istitutida ishlagan. Nega u haligacha jinoiy ish doirasida so‘roq qilinmayapti, biz bilan yuzlashtirilmayotgani esa sirligicha qolmoqda. 15 yil o‘tib ham Mirsaidov bizdan qochadi, akamning oilasi va yaqinlariga o‘sha oqshom nima bo‘lganini, ko‘rgan-bilganlarini aytishni ham istamaydi», — dedi marhumning ukasi.

Ma’lumot uchun, Alisher Soipov 1981 yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida tug‘ilgan. U «Amerika ovozi», «Ozodlik», «BBC» kabi xalqaro ommaviy axborot vositalarining o‘zbek xizmati bilan hamkorlikda ishlagan. Jurnalist asos solgan «Siyosat» nomli o‘zbek tilidagi gazeta Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegara hududlarida ancha ommalashgan. Marhum jurnalist asosan, O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlar, inson huquqlari, qamoqxonalardagi qiynoqlar va muxolifatga nisbatan bosim to‘g‘risida tanqidiy chiqishlar qilgan.

Alisher Soipovning nomi AQShning Vashington shahrida joylashgan Newseum media muzeyida o‘z vazifasini o‘tash vaqtida halok bo‘lgan jurnalistlar ro‘yxatiga kiritilgan. Marhum 2018 yili Andrey Saxarov nomidagi «Mardlik uchun» ordeni bilan ham taqdirlangan.