O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti xodimi 4-kurs talabasini rektorga salom bermagani uchun urgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Keltirilishicha, bir nechta xodim undan universitet rektoriga nega salom bermaganini so‘ragan, talaba esa unga javoban o‘zi istagan odamga salom berishini aytgan. Shundan so‘ng talaba kaltaklangan.

Bu xabar talabalar orasida va ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bo‘lganidan so‘ng, talabalar ta’lim muassasasining telegramdagi «Talaba murojaati» nomli guruhida ma’muriyatga norozilik ruhidagi gaplarni yozishgan. Biroq, oradan biroz vaqt o‘tgach bu xabarlar o‘chirib tashlangan.

Bundan tashqari, xodimlardan biri talabalarga qarata guruhda haqoratomuz gaplarni aytganlar va rahbariyatdan norozi bo‘lganlar, OTMning ichki qoidalarini mensimaganlar talabalar safidan chetlatilishlarini aytgan. Hozirda mavzu doirasidagi barcha xabarlar o‘chirib tashlangan.

Mazkur holat ommaga tarqalgach, universitet rektori, shu o‘rinda O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi boshqaruv raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja bu voqeadan xabari yo‘qligi, biroq, nohaq harakat qilganlar jazolanishi, talabaning salom berish-bermasligi bu ixtiyoriyligini aytgan.

«Talaba murojaatidan ham xabarim yo‘q. Bu narsani men ko‘rmadim. Yotoqxona qidirib kuni bo‘yi Toshkent shahar hokimi va vazir bilan birga edim. Bu holat bo‘yicha surushtiruv olib boraman. Albatta, bu ishni qilganlar, nohaq harakat qilganlar jazolanadi. Talabaning salom berish-bermasligi bu ixtiyoriy, o‘ziga, tarbiyasiga bog‘liq. Lekin buni deb kimnidir urishish, kimnidir kaltaklash umuman mumkin emas. Shuning uchun u bolaga men o‘zimga chiqishini taklif qilaman», — degan u.

Shuningdek, talaba o‘qishdan chetlatilmasligini ham ta’kidlagan.

«Hech kim hech qanaqa „otchisleniye“ bo‘lmaydi, hech kimga hech qanaqa chora ko‘rilmaydi. Buni men rektor sifatida sizlarga aytaman, kimdir orqamdan nimanidir aytgan bo‘lsa, ular bekorning beshtasini yebdi. Hech qanaqa vahima, hech qanaqa o‘rinli qanaqadir joylar yo‘q. Sog‘-salomat bo‘ling, o‘sha yigit mayli o‘zimga kelib uchrashishini so‘rayman. Mening umuman xabarim yo‘q. Iltimos, shu ovozlini[xabarni] kim qayerdan ketgan bo‘lsa, o‘sha manbaga berishlaringizni so‘rayman», — deya fikrini yakunlagan rektor.

Universitet rasmiy kanalida xabar bo‘yicha ichki surishtiruvlarni boshlagani va masala barcha tarafdan to‘liq o‘rganilayotganini keltirdi.

Universitet tashkil etilganidan buyon bu kabi holatlar O‘zJOKUda kuzatilmagan va universitet jamoasi, ayniqsa, rektori tomonidan talabalarga nisbatan har qanday salbiy munosabat doim qoralanadi, deyiladi xabarda.