Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarga ijara uchun subsidiya shartnomasiz tarzda berishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. U mazkur masalaga 9 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

Vazir o‘zining vakolatidan kelib chiqib, agar universitetlar zimmasiga olsa, shartnoma talab qilmasdan ijara subsidiyalari pullarini ularning plastik kartalariga o‘tkazib berilishi haqida gapirdi.

«Ijara qimmatlashdi, buni tan olish kerak. Shularning hisobga olib muhtaram prezidentimiz aholi endi o‘ylab ko‘rayotgan bo‘lsa, komfort hayotdan chiqishni xohlamayotgan bo‘lsa, davlat fuqarolarni himoya qiladi deb ijara tizimi joriy qildi. Menga berilgan vakolat nuqtai nazardan hurmatli talabalarimizga, ularning ota-onalariga aytmoqchiman, rahbariyat shunaqa topshiriq berdiki, endigi bosqichda agar universitetlar zimmasiga olsa, shartnomani ham talab [qilmaymiz]. Hozir loyiha ustida ishlanyapti, faqat ozgina toqatsizlik sindromini sezyapmiz», — dedi vazir.

U shartnoma talab qilinmaydigan tizim qanday ishlashini tushintirdi.

«Auditoriyada bir guruhda 25 nafar talaba bo‘ladigan bo‘lsa, o‘zlari qaror qiladi. Aytaylik, mana bizda 10 nafar ijaraga turadigan kursdoshlarimiz bor. Shundan 60 foiziga — 6 nafariga subsidiya berilsin deb guruh qaror qilsin. Bir-biring sharoitini biladi-ku, uning rang-ro‘yi, kiygan kiyimi — hammasi qanday oilaga mansubligini ko‘rsatib turadi-ku? O‘zlari qaror qiladida uni fakultetga beradi, fakultet ilmiy kengashga chiqaradida, kengash qarori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunchilikda qanday bo‘lsa, 9−10 oy plastigiga Toshkent shahrida 300 ming tushib turadi. Bu ijaraga turgan pulining yarmini qoplaydi», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Uning takidlashicha, ijara narxi bir kishiga 600 mingdan kam emas.

Shuningdek, u «Soliq uz» platformasi haqida gapirib, shartnomani soliq to‘lamasdan onlayn qilish mumkinligini aytdi. Talabalarning hujjat va platforma bilan ishlashni o‘rganish kerakligini ta’kidladi.

«Hozir „Soliq uz“ platformasi orqali shartnomani onlayn qilish mumikin, soliq to‘lanmaydi. Vazir sifatida aytyapman, hujjat bilan, platforma bilan ishlashga talabalarimiz o‘rgansin. Bu shartnoma unga faqat ijtimoiy dvident beradi. Kerak bo‘lsa, uyiga talabani ijaraga qo‘ygan xonadonlarga nimadir imtiyoz berishni taklif qilyapmiz», — dedi vazir.