Vazir Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi O‘zbekiston IIV delegatsiyasi Cho‘lpon-ota (Qirg‘iziston)da bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Kengash majlisida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya ichki ishlar vazirlari hamda MDHga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi direktori ishtirok etdi.


Uchrashuvda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo dasturlarni amalga oshirishda MDH mamlakatlari Ichki ishlar vazirliklari va politsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor masalalari, shuningdek, 2024−2028 yillarga mo‘ljallangan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar Davlatlararo dasturi loyihasini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar MDHga a’zo davlatlarning milliy qonunchiligiga muvofiq blokirovka qilinishi shart bo‘lgan internet-resurslarning yagona reyestrini yaratishning maqsadga muvofiqligini ham ko‘rib chiqdi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, yig‘ilishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarini noqonuniy tarqatishga qarshi kurashish, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar fuqarolari tomonidan jinoiy va boshqa javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida fuqarolikni o‘zgartirish institutidan foydalanishining oldini olishga qaratilgan ishlar va boshqalarga bag‘ishlangan masalalar borasida qator hujjatlar imzolandi.