7 sentabr kuni Apple o‘zining navbatdagi kuzgi taqdimotini o‘tkazdi. Unda kompaniya iPhone 14 ning to‘rtta modelini, Apple Watch Ultra va AirPods Pro 2 kabi bir qator yangiliklarni taqdim etdi.

To‘rt xil modeldagi iPhone 14

Bu yil kompaniya yangi rusumdagi smartfonlarining mini-versiyalarini chiqarmaslikka qaror qildi. Bilamizki, iPhone 12 mini, iPhone 13 mini kabi smartfonlar omma e’tiborini qozongan edi. Shu sababga ko‘ra, bu safar ham yangi modellarning mini versiyalari taqdim etilish kutilayotgan edi. Biroq, bu turdagi smartfonlarning savdosi o‘zini oqlamagan ko‘rinadi.

Demak, Apple Event tadbirida iPhone 14, iPhone 14 Plus, iPhone 14 Pro va iPhone 14 Pro Max modelidagi smartfonlar taqdim etildi.

iPhone 14 va iPhone 14 Plus

iPhone 14 va iPhone 14 Plus modelidagi smartfonlar 6,1 va 6,7 dyuymli ekranga ega bo‘lib, 1200 nitgacha yorug‘likka va Dolby Vision texnologiyasiga ega. Ushbu ikkala smartfon o‘tgan yilgi iPhone’lardagi kabi A15 Bionic protsessorlari bilan jihozlangan. Yangi 12 megapikselli asosiy kamera past yorug‘likda ham yorug‘likni 49 foizga yaxshiroq suratga oladi.

Darvoqe, barchani hayron qoldirgan yangilik — AQShda sotuvga chiqadigan yangi iPhone 14 smartfonlarida SIM-kartalar uchun slotlar bo‘lmaydi. Smartfonlarda kengaytirilgan eSIM texnologiyasini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni turli operatorlarni tezkor almashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, smartfonlarda Action Mode — ekstremal sharoitlarda olingan videolar uchun barqarorlashtirishning yangi turi mavjud. Yangi iPhone’larda sun’iy yo‘ldosh orqali (Wi-Fi va internetdan foydalanmasdan) SOS ogohlantirish tizimi ham bor. Smartfon sun’iy yo‘ldoshga ulanish uchun qurilmangizni qanday tarzda ushlab turish kerak ekanligini ko‘rsatadigan maxsus dasturga ega. Foydalanuvchi qutqaruv xizmatlari uchun tayyorlangan xabarlarni va o‘z manzilini yuborishi mumkin bo‘ladi.

iPhone 14 va 14 Plus smartfonlari qora, oq, pushti, ko‘k va qizil ranglarda savdoga chiqariladi. AQShdagi rasmiy narxlar:

  • 128 GB: iPhone 14 — $799; iPhone 14 Plus — $899;
  • 256 GB: iPhone 14 — $899; iPhone 14 Plus — $999;
  • 512 GB: iPhone 14 — $1099; iPhone 14 Plus — $1199.

iPhone 14 16 sentabrdan boshlab, iPhone 14 Plus esa 7 oktabrdan boshlab savdoga chiqadi.

iPhone 14 Pro va 14 Pro Max

Apple ushbu modeldagi smartfonlar ekranidagi «kokil o‘rnini» interfeysning yangi elementiga aylantirdi. OLED-ekranida qora piksellardan foydalanish orqali «Dynamic Island» elementi doimiy ravishda turli xil xizmat ma’lumotlarini namoyish qilish uchun kengayadi.

iPhone 14 Pro va 14 Pro Max ekranlarining o‘lchami 6,1 va 6,7 dyuymni tashkil qiladi va 2000 nitgacha chiqa oladigan (smartfon uchun rekord) o‘rtacha 1600 nit yorqinlik kuchiga ega. Yangi smartfonlarda hoshiyalar juda nafis va ingichka.


iPhone 14 Pro va 14 Pro Max smartfonlari mutlaqo yangi A16 Bionic protsessorlari bilan jihozlangan. Bu eng kuchli yadrolarda ham 20% kam quvvat sarf qiluvchi 6 yadroli protsessordir.

48 megapikselli sensorli asosiy kamera 13 Pro’nikidan 65 foizga kattaroq. Ko‘pincha asosiy kamera sensorning piksellarini 4 ta blokda birlashtirib, 12 megapikselli suratlarni oladi. Yangi sensor 0,5X, 1X va 3X dan tashqari 2X kattalashtirish bilan aniq suratga olish imkonini beradi.

iPhone 14'dagi kabi Photonic Engine texnologiyasi 2−3 baravar aniqroq past nurli kadrlarni suratga olish imkonini beradi. Bu smartfonlar ham tasvirga olishning Action Mode rejimiga ega.

iPhone 14 Pro va 14 Pro Max smartfonlari 16 sentabrdan boshlab kosmik qora, kumush, oltin va qoramtir binafsha ranglarda savdoga chiqariladi. AQShdagi rasmiy narxlar:

  • 128 GB: iPhone 14 Pro — $999; iPhone 14 Pro Max — $1099;
  • 256 GB: iPhone 14 Pro — $1099; iPhone 14 Pro Max — $1199;
  • 512 GB: iPhone 14 Pro — $1299; iPhone 14 Pro Max — $1399;
  • 1 TB: iPhone 14 Pro — $1499; iPhone 14 Pro Max — $1599.

Apple Watch Series 8


Apple Watch Series 8 dizayni bo‘yicha oldingi avlod Apple soatlaridan deyarli farq qilmaydi. Ammo soatlar yangi funksiyalarga ega. Birinchi yangilik — bu ayollarga o‘z sog‘lig‘ini kuzatishga yordam beradigan ikki tomonlama harorat sensori.

Shuningdek, soat o‘z foydalanuvchisining avtohalokatga uchraganini aniqlashni o‘rgandi, bu funkitsiya Crash Detection deb nomlanadi. Buning uchun takomillashtirilgan giroskop va avvalgisidan to‘rt barobar tezroq ishlaydigan yangi akselerometr, shuningdek, mikrofon va GPS ishlatiladi. Voqea sodir bo‘lgan taqdirda, soat tez yordam xizmatlarini, shu jumladan manzilni ko‘rsatgan holda xabardor qiladi.

Ta’kidlanishicha, soat batareyasi normal rejimda 18 soat yoki yangi Low Power Mode rejimi yoqilganda 36 soatgacha ishlaydi. Ushbu rejim Apple Watch Series 4 va undan keyingi versiyalarida watchOS 9 ga yangilanishi orqali mavjud bo‘ladi.

Apple Watch Series 8 ning alyuminiy versiyasi Midnight, Starlight, oltin, qizil ranglarda, po‘latdan yasalgan versiyasi esa kumush, oltin va grafit ranglarida ommaga taqdim etiladi. Wi-Fi'li versiyaning rasmiy narxi LTE’li model uchun 399 dollar va 499 dollarni tashkil qiladi.

Watch Series 8 Ultra

«Aqlli» soatlarning asosiy modellaridan tashqari, Apple kattaroq ekranga ega, ishonchliligi va avtonomiyasi 60 soatgacha (normal foydalanishda 36 soat) yuqori darajali Ultra modelini ham taqdim etdi.

Korpusning o‘lchami 49 mm, ekran oynasi sapfir, korpusi titandan yasalgan. Displey yorqinligi — 2000 nit. Korpusning bir tomonida to‘q sariq rangdagi qo‘shimcha sozlanishi mumkin bo‘lgan tugma va karnay uchun teshik, boshqa tomonida esa kattalashtirilgan Digital Crown’ni himoya qiluvchi va quvvat tugmasini o‘z ichiga oluvchi panel mavjud.

GPS va eSIM modullariga ega Apple Watch Series 8 Ultra soatlari 799 dollarga baholanadi.

AirPods 2 Pro

Yangilangan Apple AirPods 2 Pro quloqchinlari simsiz minigarnituralari yaxshilangan zaryadlash qutisi, yangi boshqaruv imo-ishoralari texnologiyasiga ega bo‘ldi.

Eshitish vositalarining ichida yangi H2 chipi o‘rnatilgan bo‘lib, u tovushni qayta ishlash uchun javob beradi va Spatial Audio effekti bilan ovoz sifatini yaxshilaydi. Ta’kidlanishicha, Active Noise Cancelation rejimi avvalgi avlodga qaraganda ikki baravar yaxshi ishlaydi.

Apple kompaniyasining ta’kidlashicha, AirPods 2 Pro bir marta quvvatlanganda olti soat va korpus bilan 30 soat ishlaydi. Korpus takomillashtirildi — endi uning quvvatini Apple Watch quvvatlantirgichi orqali ham to‘ldirish mumkin.

AirPods 2 Pro ning AQShdagi rasmiy narxi — $249.