7 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Unda Senatining 32-yalpi majlisini 13 sentabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Navbatdagi yalpi majlisda quyidagi qonunlar muhokama qilinishi rejalashtirilgan:

  • «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi;
  • «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi;
  • «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi;
  • «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi;
  • «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi.

Shuningdek, senatorlar Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi. Majlisda davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022 yil I yarim yilligi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini, shuningdek, tashqi ishlar vazirining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik, O‘zbekiston, Dang‘ara, Qo‘shtepa, Toshloq, Farg‘ona tumanlari va Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlari chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani va Namangan shahri Davlatobod tumanining hamda Namangan shahrining chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, senatorlar Boyovut, Qarshi, Olot, Bo‘ston va To‘raqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini o‘rganish natijalarini muhokama qiladi.

Yalpi majlisda davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022 yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holatini ko‘rib chiqish ham nazarda tutilgan.