IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, 4 sentabr kuni soat 00:30 larda 26 yoshli K.G. (ayol) o‘zi ishlab kelayotgan Yashnobod tumani Torariq ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish joyida o‘zi bilan birga ishlovchi 28 yoshli, mast holatdagi M.S. (erkak) bilan o‘zaro janjallashib qolgan.

O‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida, oshxona pichog‘i bilan M.S.ning qorin qismiga bir marotaba zarba berib, tan jarohati yetkazganligi aniqlangan.

Oqibatda M.S. olgan tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida M.S. da «Qorin o‘ng old devorini teshib kirib jigarni shikastlagan sanchib-kesilgan jarohati, ichki va tashqi qon ketish» kabi jarohatlar aniqlanganligi va ushbu jarohatlar og‘irlik darajasiga ko‘ra, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari sifatida baholanishi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.