Prezident Administratsiyasi va Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul rahbarlari ishtirokida 6 sentabr kuni Milliy kadrlar zaxirasiga olingan nomzodlar ishtirokida muloqot tashkil etildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida bir guruh davlat fuqarolik xizmatchilari Milliy kadrlar zaxirasiga olindi. Ular endilikda agentlik tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida malaka oshiradi. Nomzodlar 2500 nafar davlat xizmatchisi orasidan saralandi. Shuningdek, ular uchun masofaviy malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi. Nomzodlar uchun vazirlik va idoralarda amaliyot, xorijiy stajirovka ham tashkil etiladi.

«Tizim ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi asosida takomillashdi. Maqsad — rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldini olish, milliy, respublika, tarmoq va hududiy darajalarda professional tayyorlangan samarali rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, nomzodlarning kompetensiyalarini baholash maqsadida hududiy komissiyalar va ishchi guruh ishtirokida 1300 dan ortiq nomzod bilan suhbatlar tashkil etildi. Natijalarga ko‘ra, jami 761 nafar nomzod kadrlar zaxirasiga saralab olingan (jami 246 ta lavozimga o‘rtacha 3 nafardan nomzod).

Muloqotda kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali kasbiy kompetensiyasini oshirish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan bugundan boshlab onlayn malaka oshirish kurslari boshlangani haqida ma’lum qilindi.

Mazkur malaka oshirish kurslari natijasida nomzodlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy sohadagi bilimlari hamda rahbarlik ko‘nikmalarini yanada oshirish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Milliy kadrlar zaxirasi — davlat fuqarolik xizmatida rahbar kadrlar tarkibining barqarorligi va sifatini ta’minlash, davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyalarini oshirish hamda xizmatchilarni lavozim bo‘yicha ko‘tarish maqsadida tashkil etilgan.