Ijtimoiy tarmoqlarda Lacetti avtomobili Toshkent yo‘llarida qarama-qarshi tomoniga chiqib harakatlangani aks etgan video tarqaldi. Unda yo‘lning sezilarli darajada tirband bo‘lgani hamda haydovchi muntazam ravishda yo‘laklarni o‘zgartirgancha doimiy avariya holatini vujudga keltirganini ko‘rish mumkin.

Toshkent IIBB video bo‘yicha munosabat bildirdi. Hodisa 24 avgust kuni taxminan soat 22.20 larda sodir bo‘lgan. Haydovchi J.M. (1986 y.t.) Lacetti avtomobilini (01M 701 CA) tegishli hujjatlarsiz, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda boshqargan.

Foto: Telegram

Huquqbuzarlik sodir etgan J.M.ga nisbatan O‘zbekiston MJtKning 128 prim 5-moddasi 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi), 135-modda (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) va 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

To‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudiga taqdim etildi.