Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevoda o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi yakkalik bahslarda 8 ta medalga sazovor bo‘ldi. Qolaversa, o‘zbekistonlik dzyudochilar jamoaviy bellashuvlarda Tunis termasini mag‘lub etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Federatsiya xabariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 8 ta medal bilan kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ilk marta umumjamoa hisobida to‘rtlikka kirgan.

Sovrindor bo‘lgan sportchilar

Oltin:

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Barchinoy Qodirova -70 kg vazn toifasida italiyalik S.Ondeini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Kumush:

-52 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda finalga chiqqan So‘g‘diyona Rafkatova Italiya terma jamoasi a’zosi Gaya Massimettiga imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Yigitlar o‘rtasida -66 kg vaznda ishtirok etgan Shohjahon Otaboyev finalda gruziyalik Saba Samadashviliga yutqazib, kumush medalga ega bo‘ldi.

-81 kg vazndagi bellashuvlarda Alisher Samanov finalda armanistonlik sportchiga imkoniyatni boy berdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Yigitlar o‘rtasida -90 kg vazn toifasidagi bahslarda Abbos Shermahmatov ham kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Bronza:

Qizlar o‘rtasida -44 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Umidaxon Burxonjonova mo‘g‘ulistonlik Jamiyan Enkxabulagni mag‘lubiyatga uchratib, bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Samariddin Muhibiddinov -73 kg vazn toifasida «bronza»ga ega bo‘ldi. U uchinchi o‘rin uchun bahsda niderlandiyalik De Langni mag‘lub etdi.

-63 kg vaznda Xurshida Razzovberdiyeva avstriyalik dzyudochini mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Qolaversa, o‘zbekistonlik dzyudochilar jamoaviy bellashuvlarda ham ishtirok etdi. Ular uchinchi o‘rin uchun Tunis terma jamoasi vakillariga qarshi tatamiga chiqib, 4:0 hisobida g‘alabaga erishdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

«O‘zbekiston terma jamoasi kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatining jamoaviy bellashuvlarida shu paytga qadar sovrindor bo‘lmagan edi. Demak, bu borada ham tarix yangilandi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ma’lumot uchun, dzyudo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 61 mamlakatdan 492 nafar sportchi ishtirok etdi.

Foto: