Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi ayolini o‘ldirib ikki kun davomida Land Cruiser avtomashinasida olib yurgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov voqeaga rasmiy izoh berdi va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur voqeani «jamoatchilik nazoratining suyuqligi yoki tekshirilmagan axborot tarqalishini xavfi», deya atadi.

Ta’kidlanishicha, 9 iyun kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Kichik xalqa yo‘li ko‘chasida yashovchi J.D.(1987 yilda tug‘ilgan ayol) erta sahardan kuchli bosh og‘rig‘i hamda to‘xtovsiz qayd qilgan. Uning turmush o‘rtog‘i X.O. tez yordamga murojaat qilgan. Tibbiyot maskanida ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan ayol shu kuni soat 09.45 vafot etgan.

Sud-tibbiyot ekspertiza ayolga «chap tuxumdon kistasi yorilishi, ichki kon yo‘qotish, tuxumdon va bachadon tashqi homilasi, ichki qon yo‘qotish, ichki a’zolari kam qonligi» tashxisini qo‘ygan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirda ayol murdasini turmush o‘rtog‘i tomonidan «morg»dan uyiga qaytarib olib kelgan holati qayd etilgan», — deyiladi bayonotda.

IIV hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati bergan bayonot esa yuqoridagidan farq qilmoqda. «Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashagan O.X. bilan sha’riy nikoh asosida oila qurgan 35 yoshli ayol D.J. tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, 10 iyun kuni yashash uyida vafot etgan», — deyiladi izohda.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura videolar 10 iyul kuni murdani sud-tibbiyot ekspertizasidan uyga qaytib olib kelinganda suratga tushirilganiga ishontirmoqda.

Shuningdek, ayolning tanasida tan jarohatlari mavjud bo‘lmaganligi aytilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, 2022 yil 14 iyul kuni jinoyat protsessual qonunchiligiga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan. Mazkur qaror qonuniyligi Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, bekor qilingan va 3 avgust kuni komissiyaviy sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan, deyiladi xabarda.

Shohrux G‘iyosovning noto‘g‘ri axborot tarqatish yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelgan shov-shuvning natijalari yuzasidan esa tegishli jamoatchilik vakillari o‘ziga xulosa chiqarib olishiga umid bildirdi.