Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida IIB uchastka inspektori bir fuqaroni urib, jarohat yetkazgani to‘g‘risidagi xabar bo‘yicha viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi.

Xabarda aytilishicha, 27 avgust kuni 19:00larda Quvasoy shahar «Yuqori Mo‘yan» MFY hududida fuqaro X.T. (1962 y.t.) jamoat tartibini buzuvchi harakatlar sodir etganlikda gumonlanib, Quvasoy shahar IIB xodimlari tomonidan mastlik holatini tekshirish maqsadida shahar tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotgan vaqtda uning sog‘lig‘i yomonlashgan.

«Shundan so‘ng, fuqaro ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan», — deyiladi Farg‘ona viloyat prokuraturasi bayonotida.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, X.T.ning o‘limiga «Yurakning ishemik kasalligi, yurak toj kon tomirlarini o‘tkir yetishmovchiligi, o‘ng tomonlama pnevmoniya, surunkali plevrit, oshqozon osti beziga qon quyilishi, alkogoldan zaharlanish» tashxisi qo‘yilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Quvasoy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Tekshiruv jarayoni viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.