AQSh o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistondagi fermerlar va o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga 2 mln dollarlik yordam ko‘rsatishini e’lon qildi. Ushbu yangi mablag‘ aholining zaif qatlamlarini o‘sib borayotgan global oziq-ovqat inqirozidan himoya qilishga yordam beradi hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan o‘g‘itlar hajmi va sifatini oshirishga yo‘naltiriladi, deb xabar berdi AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.

«Yuqori sifatli o‘g‘itlar narxlarining oshishi yoki tanqisligi tufayli ularning yetishmasligi fermer xo‘jaliklarining mahsuldorligi, hosildorlik, fermerlar daromadi, hatto ish o‘rinlarining shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu omillar oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishiga olib keladi, — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum. — Ajratilayotgan mablag‘ hisobidan USAID mamlakatda o‘g‘itlarni arzonlashtirish, ularning ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish uchun yangi texnologiyalarni joriy etish hamda fermerlarga o‘g‘itlardan samaraliroq foydalanishni o‘rgatish orqali O‘zbekiston fermerlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini kuchaytirmoqda».

«O‘zbekistonning o‘z oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi salohiyatini kuchaytirish orqali USAID boshqa mamlakatlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga haddan tashqari ta’sirining oldini olishga yordam beradi», — deyiladi press-relizda.

O‘tgan yil davomida o‘g‘itning jahon narxlari o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichlaridan deyarli ikki baravarga oshib, pandemiya boshlanganidan beri 200 foizga o‘sdi. USAID O‘zbekistondagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, sifatni yaxshilash hamda o‘g‘itlarni sotishdan mahalliy va mintaqaviy bozordagi ulushini oshirish uchun yangi texnologiyalarning joriy etilishini birgalikda moliyalashtiradi. USAID, shuningdek, 5 000 fermer va qishloq xo‘jaligida ekstenshn xizmat ko‘rsatuvchilari uchun o‘g‘itlardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalar borasida treninglar tashkil etadi.

Mablag‘lar Germaniyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan e’lon qilingan global oziq-ovqat inqirozi ta’sirini bartaraf etish uchun ajratilgan jami 2,76 mlrd dollarlik ko‘makning bir qismidir. Bu mablag‘ G7 yetakchilari tomonidan global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ajratilgan taxminan 4,5 mlrd dollar yordamning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.

Ushbu yordam 50 ga yaqin mamlakat va mintaqaviy tashkilot, jumladan, O‘zbekistonning oziq-ovqat, o‘g‘it va yoqilg‘ining jahon narxlari oshishi natijasida yuzaga kelgan aholi turmush tarzining pasayishi, ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik ehtimolining yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

«2022 yil 24 fevralda Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz urushi boshlanganidan beri AQSh global oziq-ovqat xavfsizligi inqirozini bartaraf etish uchun qariyb 7,6 mlrd dollar miqdorida yordam ajratdi», — deyiladi AQSh elchixonasi press-relizida.