Avvalroq, 24 avgust kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani «Paxtakor» mahallasi yashovchi 31 yoshli erkak rashk sabab xotinini xususiy uy bog‘chasidagi tarbiyalanuvchilarning ko‘z o‘ngida bo‘g‘ib, kaltaklagani haqida yozgandik.

Bosh prokuratura 25 avgust kuni erkak qaynotasining uyiga eshikdan oshib tushib, oilaviy muammolar tufayli otasi uyida yashab kelgan turmush o‘rtog‘ining yotoqxonasiga kirib, bo‘yin sohasiga oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Olgan tan jarohati oqibatida, ayol vafot etgan. Gumonlanuvchi esa hibsga olingan.

Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Twitter hamda Telegram tarmog‘i foydalanuvchilarning turli bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi.

Bloger Nurbek Alimovning Twitter`da yozishicha, erkakning ayolni bo‘g‘ishini UFC janglarida «rear-naked choke» deb ataladi va buning oqibatida o‘lib qolish hech gap emas.

Nozim Safari esa «xotini urmaydigan erkaklar yo‘qolib borayotgan noyob turga aylanayotganini» qayd etgan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa «statistikaga qarab jinoyatchilikka qarshi kurashish ahmaqona tizim ekanligini tushunib yetmagunimizgacha, yana qancha Madinalar miyasiz yovvoyilar qo‘lida bo‘g‘izlanar ekan?», degan savolni o‘rtaga tashlagan.

Ushbu voqea haqida xabar topgan Davletovuz esa izohlashga so‘z topa olmay, shunchaki «daxshat» deb qo‘ygan.

Yana bir foydalanuvchining fikricha, gumonlanuvchiga nisbatan boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan qilib qattiqroq jazo berish lozim.

Qahramon Aslanov hech bir gunoh yo xato ayolning eri tomonidan o‘ldirilishiga sabab bo‘la olmasligini aytib o‘tgan.

Boshqa bir bloger Dilshod Hoshimov ham ushbu holatda hech bir narsa qotillikni oqlashga sabab bo‘lmaydi degan firkga qo‘shilgan.

Huquqshunos Kamola Aliyevaning yozishicha, ayolini o‘ldirgan erkakni oqlaganlar «latent» ya’ni, ich-ichidan shu shaxs kabi jinoyatchi hisoblanadi.

Yana bir Twitter foydalanuvchisi esa «ayollar urib o‘ldiriladigan, buni erkak g‘ururi sabab oqlaydiganlar» jamiyatida o‘z qizlarining ertasidan xavotirda ekanini bildirgan.

Boshqa bir foydalanuvchi esa izohga hojat qolmaydigan post yozgan:

Telegram`da ham ushbu holat qizg‘in muhokama qilindi. Xususan, Nurbek Alimov «ota-ona uchun qo‘ydek bo‘g‘izlangan qizini qoniga bo‘yalib yotganini ko‘rishdan ortiq azob bo‘lmasa kerak», deb yozmoqda.

«Bu dahshatni tasavvur qilishning o‘zi azob. Shunisi aniqki, bu oilaga endi hech qachon quvonch va shodlik qaytmaydi. Shariatda ham birovni zinoda ayblash uchun 4 ta guvoh bo‘lsin, deyiladi. Bu iflos, manqurt esa shunchaki o‘zining subyektiv shubha-gumonlari uchun ayolini qiynab, itdek azoblab o‘ldirdi. La’natlar bo‘lsin bunday nomardlarga! Hech kimda birovni aybdor qilish, mustaqil hukm o‘qish vakolati yo‘q! Dinda ham, qonunda ham bunday usul taqiqlanadi», — deb yozadi u.

Bloger Zafar Solijonov esa «holat shu darajaga kelguncha hamma tomosha qilib turganmi shunda?», deya savol qo‘ymoqda.

Davletovuz esa «hech narsa inson hayotidan, uning sha’ni va qadridan aziz emasligini» aytmoqda.

«Bir insonga zo‘ravonlik qilib, uning hayotiga zomin bo‘lgan zolim er qonunchilikda belgilangan eng og‘ir jazoni olishi lozim. Bir inson o‘limiga qariyb guvoh bo‘lib, befarq va sust jamiyat ko‘zini kattaroq ochishi, muammoga tizimli yechim izlashi zarur, samarasiz davlat institutlari, ayniqsa, ichki ishlar organlarining oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasidagi faoliyati tanqidiy baholanishi, qayta ko‘rib chiqilishi kerak, ular qayerga qaragan? Yo‘qsa, bunday vahshiylik takrorlanaveradi. Vaholanki, mabodo butun boshli tizimda kimdir sal vaqtli harakat qilganida, balki bir insonning hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lar edi. Qo‘rqinchli», — deya qo‘shimcha qilinadi postda.