24 avgust kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb «Gazeta.uz»ga xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Unda Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek, SHHTda kuzatuvchi davlat sifatidagi Belarus harbiy idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni Prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaati o‘qib eshittirildi.

Unda mudofaa vazirlari yig‘ilishi SHHTning makoni va tashqi chegaralarda harbiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida sheriklik munosabatlarini mustahkamlash hamda qo‘shma qarorlar qabul qilishning samarali platformasiga aylangani ta’kidlandi.

«Bugungi kunda bu, ayniqsa, dunyodagi hozirgi qiyin vaziyat beqarorlik bilan xarakterlanishi, xalqaro mintaqaviy xavfsizlikka an’anaviy tahdidlar kuchayishi, yangi uzoq muddatli keskinlik o‘choqlari paydo bo‘lishi va voqealarning kelgusida qanday rivojlanishini bashorat qilish tobora qiyinlashib borayotganligi sababli dolzarbdir», — deyiladi prezident murojaatida.

«Hozirgi sharoitda Mudofaa vazirliklarimizning amaliy hamkorligi va SHHTning mas’uliyatli hududida umumiy xavfsizlikni ta’minlashning samarali vositalarini ishlab chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda», — deya qayd etilgan murojaatda.


Yig‘ilishda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha fikr almashildi, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha istiqbolli vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda nutq so‘zlagan O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov shunday dedi: «SHHTning rivojlanishi bizning keng mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga muhim hissa qo‘shgan va qo‘shishda davom etmoqda. Shu munosabat bilan biz salbiy tendensiyalar va xavfsizlik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirishimiz kerak».

«Yig‘ilish davomida SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida yuqori darajadagi o‘zaro tushunish qayd etildi, xavfsizlikni mustahkamlash va tashkilot makonida barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlikni davom ettirish masalalari kelishib olindi», — deyiladi vazirlik xabarida.


Yig‘ilishda harbiy-texnik hamkorlik istiqbollari va yangi muammolarga munosib javob berish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish yo‘llari ham muhokama qilindi. SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, SHHTning boshqa mintaqaviy hamkor tashkilotlar bilan hamkorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining yig‘ilishi yakunida qo‘shma bayonnoma imzolandi, unda bir qator tadbirlar, shu jumladan qo‘shma mashg‘ulotlar va mashqlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.