Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosining «Tinchlik» bekati kirish yo‘lagida issiq suv toshib chiqdi. Holat yuzasidan «Toshissiqquvati» matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, 23 avgust kuni «Veolia Energy Tashkent» MCHJ tomonidan 2022−2023 yillarda isitish mavsumiga sifatli tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 1-IM qozonxonasining amal qilish hududida issiqlik quvurlarining mexanik chidamliligi va zichliligi (yuqori bosimda) sinovdan o‘tkazilgan.

Shu sababli, sinov jarayonida 3-IMga ulangan «Tinchlik» metro bekati yaqinidagi issiqlik tarmog‘ida avariya sodir bo‘lgan. Oqibatda, metroga tushish yo‘lagida devordan issiq suv toshib chiqishi kuzatilgan.

Korxonaning Olmazor tuman boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar yordamida avariya holati yuzaga kelgan metroning kirish yo‘lagida suv toshishi to‘xtatilgan. Shuningdek, kompaniya hozirgi paytda avariyani zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini qayd etib, yuzaga kelgan noqulayliklar uchun aholidan uzr so‘radi.