Seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Angren shahrida yuzlab Spark`lar yig‘ilib turgani aks etgan suratlar bo‘yicha UzAuto Motors munosabat bildirdi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, suratda allaqachon mijozlar tomonidan shartnoma tuzilgan va keyinchalik mijozga yetkazib berish uchun Angren shahriga yetkazilgan avtomobillar ko‘rsatilgan.

«Angren shahridagi yuk ortish va tushirish terminali UzAuto Motors`ning tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, avtomobillarni Qamchiq dovonining g‘arbidagi dilerlik markazlariga tarqatilishidan oldin tranzit saqlash uchun mo‘ljallangan. Tez orada Chevrolet Nexia avtomobillari ham Angren shahriga mijozlarga yetkazib berish uchun jo‘natiladi», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, 20 avgust kuni Chevrolet Nexia va Spark uchun shartnoma berish boshlanganidan so‘ng o‘sha kunning o‘zidayoq barcha mavjud avtomobillar uchun jami 12 600 ta — 8 200 dona Spark va 4 400 dona Nexia avtomobili uchun shartoma tuzilgan.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors konveyerlarning yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishga o‘tkazilishi munosabati bilan, 2022 yil yakunida Chevrolet Spark va Nexia avtomobillarini ishlab chiqarish to‘xtatilishini ma’lum qildi. Ularning o‘rnini Chevrolet Tracker va Onix egallashi kutilmoqda.