Toshkent shahri Yangihayot tumanida yashovchi 34 yoshli A.R. uylarga o‘rnatilgan 118 dona o‘t o‘chirish moslamasi va shlanglarni o‘g‘rilaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Boshqarmaning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, o‘g‘riliklar turli tumanlardagi bir nechta yangi qurilgan uylarda sodir etilgan. Har bir o‘t o‘chirish moslamasi 480 ming so‘mdan baholangan.

Mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Ushbu moddaga ko‘ra, u BHMning 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.