O‘zbekiston prezidenti tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida ularning mulk huquqini himoya qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

«Fursatdan foydalanib, barcha hokimlarning e’tiborini bir masalaga qaratmoqchiman — mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ya’ni, huquq beruvchi hujjatni faqat sud haqiqiy emas, deb topishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirkorlarni qiynayotgan yana bir amaliyot — tergov jarayonida mol-mulkni xatlab qo‘yish bilan bog‘liq.

Misol uchun, o‘tgan 3 yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarardan ikki barobar ko‘p mol-mulk xatlangan (1,5 trillion so‘m).

Endi, har bir xatlovning asosli ekani sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, qarorni faqat sud qabul qiladi. «O‘ylaymanki, shundagina adolat bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.

Beshinchi yo‘nalish tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari bilan bog‘liq.

Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi.

Shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydi.

Prezident ta’kidlaganidek, kichik biznes vakillari tomonidan soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jarimalarning turi ko‘pligi va og‘irligi masalasi bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar kelib tushdi.

Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq to‘layotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi 1 million so‘m atrofida.

Lekin, kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million so‘mgacha moliyaviy, shuningdek 3 milliondan 12 million so‘mgacha ma’muriy jarima solinadi.

«Ya’ni, kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil. Umuman, savdo sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlarni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo ham yechiladi, ya’ni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadi (Jinoyat kodeksining 189-moddasi)», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi.

Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning to‘layotgan solig‘idan oshib ketmasligi kerak.