O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni «A.J.Ramatovni «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

«Davlat idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, yurtimizda keng ko‘lamli islohotlarni, yirik bunyodkorlik loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, hududlarni kompleks rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlari, tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlari bilan Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini oshirishga qo‘shayotgan katta hissasi, yosh avlodni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 60 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Achilbay Jumaniyazovich Ramatov „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan mukofotlansin», — deyiladi hujjatda.

Ochilboy Ramatov 1962 yil Xorazm viloyatida tavallud topgan. 2016 yilda O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

2019−2020 yillarda transport vaziri, 2002−2019 yillarda «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi boshqaruv raisi, 2018−2019 yillarda O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti, qolaversa, 2015−2020 yillarda senator sifatida ham ishlagan.

2012 yildan beri esa O‘zbekiston boks federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

U 2000 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi» davlat unvoni, 2007 yil avgustida «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, 2011 yil avgustida «El-yurt hurmati» ordeni, 2013 yilda «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni, 2015 yilda Rossiyaning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.