Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi issiqlik energiyasini yetkazib berishda monopoliyalar tomonidan tadbirkorlarning manfaatlari buzilayotganligi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganligi haqida xabar berdi.

Qayd etilishicha, Navoiy viloyatida 150 gektardan ortiq yer maydoniga issiqxonalar qurilgan bo‘lib, u yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga tabiiy monopoliya subyekti hisoblangan «Navoiy IES» tomonidan ishlab chiqilgan 1 Gkal issiqlik energiyasi belgilangan narxlarda, ya’ni 166,1 ming so‘m emas, balki 227,5 ming so‘mdan yoki 37 foizga qimmat narxda yetkazib berilganligi aniqlandi. Buning natijasida jami 70 dan ortiq tadbirkorlardan qariyb 8,0 mlrd so‘mlik ortiqcha mablag‘ olib kelingan.

Mazkur masala bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini tiklash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida asossiz undirilgan mablag‘larni tadbirkorlarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Qo‘mitaning ushbu qarorlari Navoiy tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan qanoatlantirildi. Bunda tadbirkorlarning manfaatlari himoya qilinishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.