O‘zbekistonda yil boshidan beri 10 nafar fuqaro kuydirgi kasalligini yuqtirib olganlikda gumon qilingan. Bu haqda epidemiolog Lola Umarova Yoshlar telekanalining «Yangi davr» dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Bir nafar Yunusobod tumani aholisida kasallik tasdiqlandi», — dedi Lola Umarova. Bundan tashqari, mutaxassis 2021 yilda 30 nafar fuqaro kuydirgini yuqtirib olganlikda gumon qilingani, shulardan 10 nafarida kasallik tasdiqlanganini ma’lum qildi.

Mazkur xabarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

16 avgust kuni Uchtepa tumanining 26-sonli oilaviy poliklinikasi qoshida Toshkent shahar DPMlari tibbiyot xodimlari va sanitariya epidemiologiya xizmati mutaxassislarini kuydirgi kasalligi bo‘yicha bilim saviyasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ko‘rgazmali maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazilgan.

Ushbu o‘quv mashqida 81 nafardan ortiq soha mutaxassislari qatnashdi. Ularga kuydirgi kasalligining oldini olish yuzasidan eslatmalar tarqatilgan.

«18 avgust kuni „Yangi davr“ informatsion dasturida ham ushbu taktik-o‘quv mashqi yuzasidan lavha namoyish etilgan. Lavhada soha mutaxassisi tomonidan berilgan intervyuda kuydirgi kasalligining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlari va shahardagi epidemik vaziyat yuzasidan ma’lumot berilgan. Mazkur ma’lumot o‘quv-taktik mashg‘ulot uchun berilganini, joriy yilda Toshkent shahrida kuydirgi kasalligi qayd etilmaganligini ma’lum qilamiz», — deyiladi SES xabarida.

Keyinroq, mutaxassis tasdiqlanmagan xabar berganligi ham qayd etildi.

«Joriy yil 2 fevral kuni kuydirgi kasalligiga gumonlanib tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda chuqurlashtirilgan laborator tekshiruvlar natijasida xastalik o‘z tasdig‘ini topmagan. Umuman, joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida birorta kuydirgi kasalligiga chalinish holati qayd etilmadi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, iyul o‘rtalarida Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqaro Sibir yarasini (kuydirgi) yuqtirib olgani aniqlangandi. Viloyat SES boshqarmasi kasallik odamdan odamga yuqmasligini aytib, hozirda epidemiologik vaziyat barqarorligi va xavotirga o‘rin yo‘qligiga ishontirmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, kuydirgi o‘ta xavfli kasallik hisoblanadi va asosan yirik va o‘rta shohli chorva mollari, qo‘y, echki, odamda ham uchraydi. Kuydirgi bilan kasallangan hayvonlarni so‘yish, go‘shtini nimtalash, qolaversa, suv, tuproq, chorvachilik mahsulotlari orqali yuqadi.

Mutaxassislarning fikricha, kasallik hayvonlardan hayvonlar va odamlarga yuqishi kuzatilgan, biroq odamdan odamga yuqishi qayd etilmagan.

Odatda, kasallik shu soha xodimlarida, ya’ni hayvonlar bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan kishilarda ko‘proq kuzatiladi. Infeksiya sog‘lom odam organizmiga nafas yo‘llari, teri va og‘iz orqali tushishi mumkin.

Kuydirgi kasalligi aksariyat hollarda teri shaklida (98,0 — 99,0 foiz) uchraydi va kasallikning bu turida bemor to‘liq tibbiy davo muolajalaridan so‘ng hech qanday asoratsiz sog‘ayib ketadi.

Kasallikning septik, ichak, o‘pka shakllari ham mavjud bo‘lib, juda og‘ir kechadi va odatda o‘lim bilan tugaydi. Kasallikning «teri yarasi» shaklidagi yara boshqa yaralardan tubdan farq qiladi:

  • yaraning og‘riqsiz bo‘lishi (agar ikkilamchi infeksiya qo‘shilmagan bo‘lsa);
  • yara ustini ko‘mirga o‘xshash qora po‘stloq qoplashi;
  • yara atrofi qizarib, shish paydo bo‘lishi;
  • ba’zida yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari yallig‘lanib, kattalashishi kuzatiladi (limfadenit).

Shuningdek, yara atrofida pufaksimon toshmalar paydo bo‘lishi ham mumkin. Kuydirgi yarasi asosan badanning ochiq qismlarida (qo‘l, oyoq, yuz, bo‘yin) ko‘proq uchraydi.

Bunday holatlarda zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qilish zarur. Ayrim holatlarda bemorlar yaraning ustidagi qora po‘stloqni o‘tkir tig‘li jismlar yordamida olib tashlashga urinishadi. Natijada kasallikning teri shakli septik shakliga o‘tib, kasallik o‘lim bilan yakun topishi mumkin.

Shu sababli, badanda yara paydo bo‘lsa va bu yaraning paydo bo‘lishi kasallangan mollarni so‘yish, terisini shilish, go‘shtini maydalash va oshqozon-ichaklarini hamda kalla-pochasini tozalash bilan bevosita bog‘liq deb hisoblansa, unda zudlik bilan hududiy davolash-profilaktika muassasalariga murojaat qilish kerak.