O‘zbekiston terma jamoasi Islom birdamligi o‘yinlarida 158 ta medal bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Musobaqaning so‘nggi kunida sportchilar 24 ta — 5 ta oltin, 8 ta kumush va 11 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Kikboksing

Islom birdamligi o‘yinlarida Mavlon Muhammadjonov -54 kg vazn toifasida kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga dastlabki oltin medalni olib keldi. U finalda ozarbayjonlik sportchi ustidan g‘alabaga erishdi.


-75 kg vazn toifasida jang qilgan Mahmud Hayotov kikboksning ful kontakt yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Hayotov finalda ozarbayjonlik sportchidan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.


Sportchilardan Jumanazar Navro‘zov, Jamoliddin Nosirov, Nazarbek Mahmudov, Faxriddin Eminov, Murod Azimov, Mahliyo Abdumannopova, Robiya Қўчқороvaлар bellashuvlarda finalgacha yetib borib, yakunda kumush medal bilan taqdirlandi.

Kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolaridan o‘z vazn toifalarida yarim finalgacha yetib borgan Munisa Qoraboyeva, Dilrabo Toirova, Shirinoy Zohidova, Gulsanam Akmaljonova hamda erkaklar terma jamoasidan Husanjon Baratov, Nurbek Urushboyev, Davlatbek Rayimjonov, Muhammad Yusuf G‘aniyev, Laziz Bekmatov, Sherali Musoyev, Olimjon Sultonovlar delegatsiya hisobiga bronza medallarini olib kelishdi.

Sport gimnastikasi

Bir kun avval uchlikda kumush medalni qo‘lga kiritgan 47 yoshli Oksana Chusovitina sport gimnatikasining tayanib sakrash dasturida oltin medalga sazovor bo‘ldi.


Dildora Aripova sport gimnastikasining to‘sinda ijro etiladigan dasturida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, oltin medalga ega bo‘ldi.


Islom birdamligi o‘yinlarining sport gimnastikasi bellashuvlarida Ominaxon Halilova erkin dasturda ikkinchi natijani qayd etib, delegatsiyaga kumush medalni taqdim qildi.


Karate

Karate bahslarining ikkinchi kunida -61 kg vazn toifasida ishtirok etgan Zulxumor Tursunaliyeva birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. U finalda turkiyalik raqibasini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Islom birdamligi o‘yinlari yakuniga ko‘ra, Turkiya terma jamoasi 145 ta oltin, 107 ta kumush va 89 ta bronza — 341 ta medal bilan birinchi, O‘zbekiston termasi 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza — jami 158 ta medal bilan ikkinchi, Eron esa 39 ta oltin, 44 ta kumush va 50 ta bronza — 133 ta medal bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Qo‘shni davlatlar — Qozog‘iston 89 ta medal bilan beshinchi, Qirg‘iziston 31 ta medal bilan to‘qqizinchi, Turkmaniston 23 ta medal bilan o‘n ikkinchi va Tojikiston 8 ta medal bilan turnirni 29-o‘rinda yakunladi.

18 avgust kuni o‘yinlarning yopilish marosimi o‘tkazildi. Navbatdagi Islom birdamligi o‘yinlariga 2025 yilda Kamerun poytaxti Yaunde shahri mezbonlik qiladi.

Foto