Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Uzbekistan Airways`ning ayrim samolyotlarini sotish yuzasidan professional konsalting kompaniyasini jalb qilish to‘g‘risida e’lon berdi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, aktivlar — 18 ta samolyot va 1 ta simulyator bo‘lib, ular 6 ta lotga bo‘lingan tartibda sotuvga chiqariladi.

«Shu bilan birga, konsultantning tavsiyalari asosida bozor talablari va tahlil natijalariga muvofiq lotlar tarkibi o‘zgartirilishi mumkin», — deyiladi xabarda.


Bundan tashqari, tanlov ishtirokchilari hech narsaga ishonib va bog‘lanib qolishlari kerak emasligi, tanlov jarayoni bilan bog‘liqlikda buyurtmachi uchun dastlabki taqdimot va takliflarni tayyorlash maqsadida yagona cheklov bundan mustasnoligi qayd etilgan.

«Sotish jarayoni havo kemalari bozorining tarmoq va individual xususiyatlaridan kelib chiqib hamda O‘zbekiston qonunchiligi talablarini hisobga olgan holda eng maqbul xorijiy tajribaga muvofiq tashkil etilishi lozim. Sotuvchining to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun „Katta to‘rtlik“ (BIG 4) xalqaro baholash kompaniyalari tomonidan tayyorlangan aktivning baholangan qiymati to‘g‘risidagi hisoboti inobatga olinadi», — deya qayd etiladi e’londa.

Konsultant mazkur xizmatlarini amalga oshirishda yetarli tajribaga ega ekanligini namoyish qilishi va belgilangan vazifalarni bajarish uchun tayinlangan asosiy jamoa a’zolarini taqdim etishi kerak bo‘ladi.

To‘lovlar har bir lot sotilganidan keyingina amalga oshirilishi belgilangan.

Talabgorlar tijorat takliflarni 29 avgust soat 18:00 ga qadar taqdim etishlari mumkin.